Siyosat
Prezident Xalq qabulxonasi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Prezident Xalq qabulxonasi tashkil etiladi. Bu «Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmonida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman va shahar hokimlari tegishli Xalq qabulxonalariga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi. Ular muntazam ravishda fuqarolarni shaxsan qabul qilib, muammolarni joyida hal etish choralarini ko‘radi.
Shu bilan birga, murojaatlar tahlili olib borilib, tizimli muammolar aniqlanadi va ular bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Farmonga muvofiq, vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar o‘z faoliyati yuzasidan Prezidentga taqdimotlarida aholi murojaatlaridagi tizimli muammolar va ularni hal etish rejalari haqida alohida hisobot beradi.
Shuningdek, davlat organlari va mahalliy hokimliklar tomonidan o‘tkaziladigan shaxsiy va sayyor qabullar to‘liq raqamlashtiriladi. Bu orqali qabul jarayonlari ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.
Jamoaviy murojaatlar esa aholi vakillari hamda mahalla yettiligi ishtirokida o‘rganilib, ularning roziligi asosida nazoratdan olinadi.
2026-yil 1-maydan boshlab Virtual qabulxona tizimida murojaatlar bo‘yicha nazorat vaqti rejimi joriy etiladi. Muddati o‘tgan murojaatlar avtomatik ravishda yuqori turuvchi organlarga o‘tkaziladi.
Murojaatlar «shoshilinch», «odatiy» va «maslahat talab qiluvchi» toifalarga ajratiladi. Nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida qayta ko‘rib chiqilishi shart etib belgilangan.