Dunyodan
Prezident Tramp Venesueladan “dushman” davlatga neft sotmaslikni so‘radi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Venesuela muvaqqat prezidenti Delsi Rodrigesdan bir qator qattiq talablarni bajarishni so‘ramoqda. Aks holda, u sobiq prezident Nikolas Maduro kabi taqdirga duch kelishi mumkin.
Politico manbalariga ko‘ra, Oq uy Rodrigesga kamida uchta asosiy talabni qo‘ygan: giyohvand moddalar savdosiga qarshi keskin choralar ko‘rish, Eron, Kuba va AQShning “dushmanlari” hisoblangan boshqa mamlakatlardan agentlarni haydash va Venesuela neftini Amerikaning raqiblariga sotishni to‘xtatish.
Qo’shimchasiga, AQSh rasmiylari Rodrigesdan erkin saylovlar o’tkazishda hamkorlik qilib, keyinroq lavozimidan ketishini kutishmoqda. Politiconing qayd etishicha, bu talablar uchun aniq muddat hali belgilanmagan.
Qo’shma Shtatlar Venesuelada qamoqdagi amerikaliklarni ozod qilish masalasini ham ko’tarmoqchi. Biroq, u Venesueladagi barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirganiga hech qanday dalil yo‘q.
Prezident Tramp 5 yanvar kuni NBC telekanaliga bergan intervyusida Venesuelada yaqin 30 kun ichida yangi prezidentlik saylovlari bo‘lmasligini aytdi. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar birinchi navbatda “ichki tartibni o’rnatishi” kerak. Biroq prezident Tramp, agar Rodriges hamkorlikni to‘xtatsa, Qo‘shma Shtatlar yana kuch ishlatishi mumkinligini inkor etmadi.
Malumot uchun, Delsi Rodriges Maduro rejimi vitse-prezidenti bo’lgan. Maduro hibsga olinganidan keyin u vaqtinchalik davlat rahbari etib tayinlangan edi. U dastlab Maduroning hibsga olinishini qoraladi, keyin esa prezident Trampni tinchlik va muloqotga chaqirdi.