Dunyodan
Prezident Tramp Eron bo’yicha rejalarini e’lon qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp so‘nggi kunlarda Eron bo‘yicha muzokaralar olib borganini va buni davom ettirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
“Menda shunday reja bor va men buni davom ettirmoqdaman”, dedi prezident Tramp jurnalistlarning savoliga javob berar ekan.
Shu bilan birga, AQSh rahbari kim bilan va qachon muzokara olib borganini oshkor etmadi.
AQSh prezidenti ayni paytda AQShning bir qator “juda kuchli” kemalari Eron tomon yo‘l olayotganini yana bir bor ta’kidladi. “Balki undan foydalanmaganingiz ma’quldir”, dedi u.
AQSh prezidenti Tehronga qanday talablar qo’yganini ham ma’lum qildi.
“Men ularga ikkita narsani aytdim: Birinchisi, yadroviy qurollarni taqiqlash. Ikkinchidan, namoyishchilarni o‘ldirishni bas qiling”, – dedi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Eron yadroviy dasturi bo‘yicha AQSh va Tehron o‘rtasidagi dastlabki muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so‘ng Eronga qarshi yangi yirik harbiy chora ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.