Siyosat

Prezident Toskana viloyati bilan hamkorlik salohiyatini yuqori baholadi

Published

on


Bugun, 14-iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ayniqsa savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, hududlararo aloqalarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

Tomonlar keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo aylanmasi 25 foizga oshgani qayd etildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Italiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati va boshqa tarmoqlarda qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Toskanani ko‘p asrlik tarixiy hamda madaniy aloqalar bog‘lab turishi alohida ta’kidlandi. Buyuk Ipak yo‘li davrida Florensiya bilan Samarqand va Buxoro kabi shaharlar o‘rtasida faol savdo munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan, florensiyalik savdogar va diplomatlar Amir Temur saroyida qabul qilingan.

Hozirda Toshkent shahrida Piza universiteti filiali faoliyat yuritmoqda va joriy yilda uning ilk bitiruvchilari mehnat bozoriga kirib keladi. Shuningdek, Prato shahrida O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari savdo uyi ishlamoqda. 2024-yilda esa Florensiyadagi mashhur Uffitsi galereyasida o‘zbek avangard san’ati namunalari ko‘rgazmasi tashkil etilgan.

Prezident Toskana viloyati bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va zargarlik sanoati, qurilish, ta’lim, madaniyat hamda turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Muzokaralarda Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasida sheriklik munosabatlari rivojlanayotgani hamda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangani ijobiy baholandi.

Uchrashuv yakunida Toskana viloyati va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version