Siyosat
Prezident Mirziyoyev Pokistonga tashrif buyuradi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri Shehbaz Sharifning taklifiga binoan 5-6 fevral kunlari davlat tashrifi bilan Pokistonda bo‘ladi. Tashrif Islomobodda bo‘lib o‘tadi va unda oliy darajadagi muzokaralar, strategik sheriklik kengashi yig‘ilishi va qo‘shma biznes-forum o‘tkaziladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Rasmiy dasturga ko‘ra, prezident Mirziyoyev prezident Osif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shehbaz Sharif, Pokiston armiyasi shtabi boshlig‘i feldmarshali Asim Munir va boshqalar bilan uchrashadi. Tashrif doirasida O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik kengashining birinchi yig‘ilishi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi. Ikki davlat hukumati, parlament, ishbilarmon doiralar va mintaqa o‘rtasidagi siyosiy muloqot va aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Tomonlar o‘zaro savdoni kengaytirish, sanoat, transport, infratuzilma va turizm sohalarida hamkorlik loyihalarini ilgari surish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish istiqbollarini o‘rganishlari kutilmoqda.
Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashish ham kun tartibidan o‘rin olgan.
Tashrif qo‘shma deklaratsiya va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oluvchi mazmunli kelishuvlar paketining imzolanishi bilan yakunlanishi kutilmoqda.
Dastur doirasida Prezident Mirziyoyev Oʻzbekiston va Pokiston ishbilarmon doiralarining asosiy vakillarini birlashtiradigan qoʻshma biznes-forumda ham ishtirok etadi.