Siyosat
Prezident Mirziyoyev Filippin prezidentiga halokatli zilzila munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Mindanao oroli janubiy qirg‘oqlari yaqinida sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida qurbonlar va keng ko‘lamli vayronagarchiliklar tufayli Filippin prezidenti kichik Ferdinand Markosga hamdardlik maktubi yo‘lladi.
Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida tabiiy ofatda halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, ushbu og‘ir damda qayg‘usiga sherik bo‘ldi. Prezident Mirziyoyev, shuningdek, jabrlanganlarning tez va to‘liq sog‘ayib ketishini tiladi.
Mamlakat janubidagi Mindanao oroli yaqinida sodir bo‘lgan zilzila aholi turar joylari va infratuzilmaga katta zarar yetkazdi. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish guruhlari ofat oqibatlarini kamaytirish, jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatish, vayronalar ostida qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda.
Filippin hukumati va qutqaruv xizmatlarining so’nggi ma’lumotlariga ko’ra, halok bo’lganlar va jarohatlanganlarning aniq soni haqidagi ma’lumotlar hali ham tekshirilmoqda. Bir necha jabrlangan hududlarda favqulodda xizmatlar inqirozni boshqarish uchun yuqori shay holatga keltirildi.