Dunyodan
Prezident Makronning yadroviy g’oyasi: Germaniya ham jarayonga qo’shiladi
Yevropada xavfsizlik masalalari yana kun tartibining markazida. Fransiya va Germaniya qit’ada yadroviy to‘siqni kuchaytirish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Germaniyaning Der Spiegel nashriga ko‘ra, birinchi uchrashuv 27-may kuni Parijda bo‘lib o‘tgan.
Muzokaralarda Germaniya kansleri Fridrix Miersning tashqi siyosat va xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Gyunter Sauter ham ishtirok etdi. Tomonlar Fransiya boshchiligida Yevropa xavfsizligi, mudofaa sohasidagi hamkorlik va yadroviy mudofaa konsepsiyalarini muhokama qildilar. Navbatdagi uchrashuv 4 iyul kuni Germaniya hududida o’tkazilishi mumkin.
Xabar qilinishicha, nemis harbiylari avvaliga yaqin oylarda Fransiyaning yadroviy mashg‘ulotlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Federal kuchlarning keyinchalik yadroviy qurol bilan bevosita bog’liq bo’lmagan logistika va qo’llab-quvvatlash operatsiyalarida ishtirok etishi ehtimoli ham ko’rib chiqilmoqda.
Bu jarayon Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning mart oyidagi bayonotidan keyin tezlashdi. Prezident Makron Fransiya “ilg‘or yadroviy to‘xtatuvchi” bosqichiga o‘tayotganini e’lon qildi va yadroviy kallaklar sonini ko‘paytirish va Yevropa davlatlari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalarini ma’lum qildi.
Hozircha tashabbusga Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Niderlandiya, Belgiya, Gretsiya, Shvetsiya, Daniya va Norvegiya qo‘shilgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Yevropa davlatlari so‘nggi geosiyosiy keskinliklar, Rossiya-Ukraina urushi va AQSh siyosatidagi o‘zgarishlar fonida xavfsizlik sohasida yanada mustaqil pozitsiyalarni rivojlantirishga intilmoqda. Shu sababli Fransiyaning yadroviy salohiyatini umumiy Yevropa xavfsizlik pozitsiyasi bilan uyg‘unlashtirish muammosi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, bu jarayon Yevropa mudofaa siyosatida yangi bosqichni boshlashi mumkin. Shu bilan birga, yadro muammosi bilan bog‘liq bunday faoliyatlar qit’ada harbiy va siyosiy raqobatni kuchaytirishi mumkinligini ham inkor etib bo‘lmaydi.