Iqtisodiyot

Prezident kimyo xomashyosi zaxirasini ikki karra oshirishni topshirdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan kimyo sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tarmoqdagi mavjud imkoniyatlar va yangi vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda mamlakatda har yili 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, buning uchun 1 milliard 70 million kub metr tabiiy gaz sarflanayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, dunyoda qishloq xo‘jaligida karbamid va suvda eriydigan o‘g‘itlarga, tog‘-kon sanoatida esa g‘ovaksimon selitraga o‘tish tendensiyasi kuchayib borayotgani ta’kidlandi.

Davlat rahbariga ko‘ra, ammiakli selitra bilan tannarxi deyarli bir xil bo‘lgan g‘ovaksimon selitrada qo‘shilgan qiymat ikki barobar yuqori. Shu bois mutasaddilar va korxona rahbarlariga yuqori daromad keltiradigan shunday loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori daromadli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, «Navoiyazot»da ishlab chiqarilayotgan bir tonna sian tuzining bozor qiymati 3 ming 700 dollar bo‘lsa, uni qayta ishlab yelim mahsuloti olinganda qiymati 8 ming dollargacha yetishi mumkin.

Shu munosabat bilan «Navoiyazot» huzuridagi kimyo klasterida umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan 10 ta kam tonnajli kimyo loyihasini boshlash topshirildi.

Shuningdek, geologiya sohasida aniqlangan zaxiralardan samarali foydalanish orqali qo‘shilgan qiymatni bir necha barobar oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Xususan, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida 550 million tonna natriy va kaliy, 20 million tonna bentonit zaxiralari mavjud.

Yig‘ilishda Jizzax viloyatida 1,5 million tonna va Qoraqalpog‘istonda 500 ming tonna serpentinit zaxiralari aniqlangani ham qayd etildi. Ushbu mineralni qayta ishlash orqali tonnasi 5 ming dollargacha baholanadigan magniy oksidi, yanada chuqur qayta ishlanganda esa nikel, xrom va kobalt olish mumkin. Bu mahsulotlar elektronika va yuqori texnologiyali sanoat uchun muhim xomashyo hisoblanadi.

Prezident mutasaddilarga fosforit, galit, mirabilit va serpentinit kabi kimyo sanoati uchun strategik ahamiyatga ega xomashyolar zaxirasini ikki barobar oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish va amaliy ishlarni boshlashni topshirdi. Shuningdek, serpentinitni qayta ishlashga qaratilgan kamida 200 million dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version