Jamiyat

Prezident banklarga har bir mahallada daromadli loyihalarni ko‘paytirishni buyurdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla bankirlari ish tizimi tubdan o‘zgarishini ma’lum qildi. Endi bir bankirga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktirilib, biznes faolligi, yangi ish o‘rinlari va aholi daromadini oshirish bo‘yicha KPI belgilanadi. Shuningdek, banklarga har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlash va daromadli loyihalarni ko‘paytirishni buyurdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mahalla bankirlarining ish uslubi ham tubdan o‘zgarishi belgilandi. Ta’kidlanishicha, joylarda yaxshi tajribalar bor. Masalan, Angor tumani Yangiobod mahallasidagi 2 kilometr zovur usti yopilib, 110 ta servis obekti ishga tushirildi. Natijada mahalla atrofida yashaydigan 1 ming 225 nafar odam ishli va daromadli bo‘ldi.

Arnasoy tumanidagi Baxtli mahallasining bankiri 20 ta xonadonga 50 million so‘mdan kredit ajratib, mehmon uylarini ishga tushirdi. Har bir xonadon bir mavsumda 100 million so‘mgacha daromad olmoqda. Ish yurishib ketgani uchun yana 80 ta oila shunday mehmon uylari tashkil qilishga kirishdi.

Endi banklar har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Bundan buyon bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladi.

Ikki haftada tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan oliygoh bitiruvchilari va yosh mutaxassislar orasidan 400 nafar yangi mahalla bankiri tanlab olinadi. Ular bir oy davomida namunali mahallalarga olib borilib, tajriba o‘rganadi.

Joriy yil oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m imtiyozli resurs berildi. “Og‘ir” mahallalar uchun kredit stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushirildi.

Endi mahalla bankirlari o‘zi topgan loyihasi uchun ushbu resursdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu tizimni 1 avgustdan amaliyotga joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Mahalla bankirlariga biznes faollikni oshirish, tadbirkorlik, ish o‘rni va aholi daromadini ko‘paytirish bo‘yicha KPI belgilanadi. Tuman va shahar hokimlari mahalla raislari bilan birga har bir mahalla bankiriga yil yakunigacha aniq buyurtma shakllantirib beradi.

Davlat banklari bu yil 100 tadan mahallani ixtisoslashtirish tashabbusi bilan chiqqan. O‘tgan yili 9 ta davlat banki ishtirokida mahallalarda agrosanoatni rivojlantirish uchun “Agrostar” kompaniyalari tashkil qilingan edi.

Endi banklar mahallani ixtisoslashtirish bilan cheklanib qolmasdan, “Agrostar”larni jalb qilgan holda “yetishtirish – qayta ishlash – saqlash – qadoqlash – sotish” zanjirini yaratadi. Bir oyda dastur qilib, 1 mingta mahallada ish boshlash topshirildi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version