Jamiyat

Pora olgan bir qator mansabdor shaxslar ushlandi

Published

on


Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Andijon viloyatidagi bir nechta korrupsion holatlar fosh etildi. Tergovga qadar tekshiruvlarda davlat mulki, elektr ta’minoti va yer ajratish jarayonlarida mansab vakolatini suiiste’mol qilish holatlari aniqlangan.

Dastlabki holatda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi tadbirkor bilan bog‘liq sud ishini uning foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan. U Izboskan tumanidagi davlat mulki obyekti bo‘yicha tuzilgan shartnomani bekor qilmaslik evaziga 15 ming dollar talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mansabdor so‘ralgan mablag‘ni uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ushlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

Yana bir holatda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Andijon hududiy filiali muhandisi tadbirkordan 15 ming dollar talab qilgani ma’lum bo‘ldi. U sholi quritish sexida elektrdan noqonuniy foydalanilgani haqidagi dalolatnoma bo‘yicha hisoblangan 650 mln so‘m zararni kamaytirib berishni va’da qilgan.

Muhandis 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. Tergov organlari ushbu mablag‘ pora sifatida talab qilinganini ta’kidlamoqda.

Boshqa epizodda esa tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i fuqaroga uy-joy va dehqon xo‘jaligi uchun yer ajratib berish evaziga 3 ming dollar olgani aniqlangan. Shuningdek, u yer ajratilgani haqida soxta hujjat rasmiylashtirgani ma’lum qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yil boshida o‘tkazilgan xatlov jarayonida mazkur yer maydoni noqonuniy ajratilgani fosh etilgan. Natijada fuqaroga nisbatan 82 mln so‘m jarima qo‘llangan.

Kadastr mansabdori olgan pulni uchinchi shaxs orqali qaytarishga uringan vaqtida fosh etilgan. Hozirda barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni shu kabi korrupsion holatlar haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version