Jamiyat
Polshada qiyin ahvolga tushgan ikki fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi salomatligi yomonlashgan va hujjatlarini yo‘qotib, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan ikki nafar fuqaroni vatanga qaytarish uchun zarur choralarni amalga oshirdi.
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan qiyin vaziyatga tushib qolgan ikki nafar vatandosh O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ma’lum qilinishicha, elchixonaga ikki nafar vatandosh murojaat qilgan. Ulardan biri — Namangan viloyatidan bo‘lgan fuqaro salomatligidagi muammo sabab og‘ir ahvolga tushgan. Ikkinchi fuqaro esa Qashqadaryo viloyatidan bo‘lib, moliyaviy qiyinchilik hamda hujjatlarini yo‘qotgani bois yordam so‘ragan.
Elchixona vakillari mazkur fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Xususan, betob bo‘lib qolgan vatandosh insult tashxisi bilan tibbiy muassasada davolangan. Polsha tibbiyot muassasasi tavsiyasiga muvofiq, unga parvozga ruxsat berilgunga qadar zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ikkinchi vatandoshga vatanga qaytish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar rasmiylashtirib berilgan.
Fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish Varshava—Riga yo‘nalishida maxsus transport orqali, Riga—Toshkent yo‘nalishida esa aviareys bilan amalga oshirilgan. Har ikki fuqaro uchun Latviyaga kirish ruxsatnomalari rasmiylashtirilib, tranzit harakati ta’minlangan. Rigagacha transport xizmatlari tashkil etilgan va aviachiptalar xarid qilingan.
Qayd etilishicha, aviachipta xarajatlari O‘zbekiston Migratsiya agentligi hisobidan qoplangan.