Jamiyat
Polshada mushkul ahvolda qolgan vatandoshlar O‘zbekistonga olib kelindi
O‘zbekistonga qaytgach, ularga tegishli davlat idoralari va jamoat tashkilotlari tomonidan psixologik va huquqiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi Migratsiya agentligi bilan birgalikda mamlakatimizda e’lon qilingan “Vatanga qaytarish” insonparvarlik aksiyasi doirasida Polshada mushkul ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizning yurtimizga qaytishlarini ta’minladi, deb xabar qildi “Dunyo” AA.
Xabarda aytilishicha, elchixona va faol vatandoshlar ko‘magi bilan Toshkent shahrida tug‘ilgan D.A. va uning onasi S.A. xorijdagi davolanish jarayonidan so‘ng O‘zbekistonga yetib oldilar.
“Shuningdek, ushbu aksiya doirasida Telegram messenjeridagi yolg‘on va’dalarga ishonib aldangan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotgan Toshkent viloyatida tug‘ilgan 21 yoshli O.K. ham vatanga qaytarildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga qaytgach, ularga tegishli davlat idoralari va jamoat tashkilotlari tomonidan psixologik va huquqiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.