Iqtisodiyot

Pokiston hukumati O‘zbekiston bilan iqtisodiy kelishuvlar bo‘yicha maxsus vakil tayinladi

Published

on


Pokiston bosh vazirining sanoat masalalari bo‘yicha maxsus yordamchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Xarun Axtar Xan O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosini muvofiqlashtirish va monitoring qilish bo‘yicha mas’ul vakil etib tayinlandi.

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston bosh vazirining sanoat masalalari bo‘yicha maxsus yordamchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Xarun Axtar Xan bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Uchrashuvda Pokistonning barcha asosiy iqtisodiy idoralari, xususan, Maxsus investitsiyalarni rag‘batlantirish kengashi, Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi, Neft va tabiiy resurslar vazirligi, Temiryo‘llar vazirligi, Savdo va Iqtisodiy ishlar vazirliklari, Markaziy bank, Milliy bank va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.

Muzokara davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, tranzit va logistika yo‘nalishlarida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, energetika, geologiya va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Elchi Alisher To‘xtayev O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining holati va istiqbollariga to‘xtalar ekan, “Toshkent–Islomobod” va “Toshkent–Lahor” yo‘nalishlarida haftasiga to‘rt marta amalga oshirilayotgan muntazam aviaqatnovlar ishbilarmonlik, sayyohlik va rasmiy aloqalar uchun qulay shart-sharoit yaratayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, Karachi shahri Pokistonning yirik sanoat va moliya markazi, O‘zbekiston esa mintaqa transport logistikasida muhim bo‘g‘in ekanini inobatga olgan holda “Karachi–Toshkent” yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Uchrashuvda preferensial savdo bitimi bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishilgani, savdo imtiyozlari ro‘yxatini kengaytirish yuzasidan texnik ishchi guruhlar faoliyat olib borayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Pokiston Savdo vazirligi o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishib olindi.

Pokiston Markaziy banki vakili O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy operatsiyalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu mamlakatning bir qator tijorat banklari hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi. Mazkur masalani batafsil ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Markaziy banki va Pokiston Davlat banki o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etish taklif etildi.

Geologiya va konchilik sohasidagi hamkorlik doirasida Pokiston Mineral qazib olish korporatsiyasi va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ishtirokida qo‘shma loyihalar amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, Transafg‘on temiryo‘li loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash ishlarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi.

Tashkent Pharma Park hududida farmatsevtika sanoati bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga Pokiston tomoni yuqori qiziqish bildirgani ta’kidlandi. Hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Pokistonning Dori vositalari va regulyatsiya agentligi hamda O‘zbekistonning vakolatli organlari o‘rtasida doimiy ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqildi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version