Dunyodan
Pokiston Afg’onistonga hujum qildi: qurbonlar
Pokiston xavfsizlik kuchlarining ma’lum qilishicha, Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda quruqlik va havo amaliyotlari chog‘ida kamida 29 jangari yo‘q qilingan. Tolibon havo hujumida kamida 38 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Pokiston Axborot vaziri Aturo Tarar 29-iyun kuni Afg‘onistonning Paktiya, Paktika va Kunar viloyatlaridagi uchta nishonga berilgan aviazarbalar natijasida 25 nafar jangari o‘ldirilgani, katta miqdordagi qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yo‘q qilinganini aytdi.
Shuningdek, Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyatining Bajaur tumanida o‘tkazilgan quruqlik amaliyotida “Jamoat-ul-Ahror” guruhiga mansub yana to‘rt nafar jangari yo‘q qilingani qayd etildi.
Afg‘oniston Tolibon hukumati rahbari Hamdulloh Fitratning aytishicha, Pokiston havo hujumlarida kamida 38 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 163 nafari, jumladan, ayollar va bolalar yaralangan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning aksariyati Paktiya viloyatidagi uylarga berilgan aviazarbalar tufayli sodir bo‘lgan. Mahalliy ma’muriyatning xabar berishicha, qutqaruv ishlari davom etayotgan paytda hudud ikkinchi havo hujumiga uchragan.
Pokiston rasmiylari bu amaliyotlar so‘nggi teraktlarga javoban amalga oshirilganini da‘vo qilmoqda. Xususan, 28-iyun kuni Karachi shahridagi chegara qo‘riqlash postiga uyushtirilgan hujumda uch askar halok bo‘ldi, to‘rt nafari yaralandi.