Jamiyat
Piskentdagi suv ta’minoti obektida 14 km quvur talon-toroj qilindi
Mansabdorlar 14 800 metr quvurni qazib olib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Toshkent viloyati, Piskent tumanida 14 km quvur suv ta’minoti korxonasi mansabdorlari tomonidan talon-toroj qilindi. Yetkazilgan zarar qariyb 4 milliard so‘m, deb xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Qayd qilinishicha, “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ Piskent tumani filiali rahbari B.K., “A.” AJ mansabdor shaxslari va boshqalar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda, umumiy qiymati 3 mlrd 931,2 mln so‘mlik suv quvurlarining 3 mlrd 78,4 mln so‘mlik qismi, ya’ni jami 14 800 metrini qazib olib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Qayd etilgan holatlar yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan jinoyat kodeksining 167-moddasi uchinchi qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdorlar BHM 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.