Iqtisodiyot
Peshovarda O‘zbekiston va Pokiston tadbirkorlari biznes-forumi o‘tkaziladi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi xodimlari amaliy safar bilan Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyati markazi – Peshovar shahrida bo‘ldi.
Tashrif doirasida Peshovar Savdo-sanoat palatasi va viloyat gubernatori ma’muriyati bilan birgalikda “Mintaqaviy bog‘liqlik: Transchegaraviy savdo” mavzusida biznes-forum tashkil etildi.
Xayber-Paxtunxva viloyati gubernatori Faysal Karim Kundi o‘z nutqida Markaziy Osiyo va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarni yuqori baholab, O‘zbekiston bilan mintaqaviy bog‘liqlik tashabbusi doirasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Gubernator, shuningdek, Transafg‘on temir yo‘li loyihasining viloyat hududidan, jumladan, Xarlachi shahri orqali o‘tishi strategik ahamiyatga egaligini alohida qayd etdi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Pokiston biznes aloqalarini rivojlantirish borasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, o‘zaro savdo hajmini oshirish va O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Safar chog‘ida Peshovardagi yetakchi logistika kompaniyalari, eksport va import bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo mamlakatlariga yuk tashish imkoniyatlari, Termiz shahridagi “Ayritom” xalqaro logistika markazidagi shart-sharoitlar, afzalliklar va u yerdagi investitsiyaviy loyihalarning istiqbollari muhokama qilindi.
Peshovar Savdo-sanoat palatasi rahbari Muhammad Yusuf Afridi Termiz va Peshovar shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari doirasida nafaqat Termiz shahri, balki Surxondaryo viloyatining barcha hududlari bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar natijasida yaqin muddatda Peshovarda ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish, Xayber-Paxtunxva viloyati tadbirkorlarining biznes-missiyasini tashkil etish, yil yakuniga qadar O‘zbekistonda Xayber-Paxtunxva viloyatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.