Sport

Peres «Real» prezidentligi uchun saylovda g‘alaba qozondi

Published

on


U endi kamida 2030 yilgacha klub rahbarligida qolishi mumkin. 79 yoshli funksioner yozda klubga Joze Mourinio, Konate va Dumfrisni olib kelish masalasini hal qilgan. Shuningdek, «Real» saylovdan keyin superyulduz futbolchi uchun 150 million yevrolik taklif berishini va’da qilgan.

79 yoshli funksioner Florentino Peres Madridning «Real» klubi prezidenti lavozimi uchun saylovda g‘alaba qozondi. Klub rasmiy a’zolari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida uning nomzodini 21 ming 741 kishi (65 foiz) qo‘llab-quvvatlagan.

Ispaniya grandi prezidentligi uchun ikkinchi nomzod bo‘lgan tadbirkor Enrike Rikelme esa 11 814 kishi ovozini (35 foiz) qo‘lga kiritgan.

Shu tariqa, Peres qatorasiga sakkizinchi bor klub prezidentligi lavozimini egalladi – u klubni kamida 2030 yilga qadar boshqarishi mumkin.

Saylov natijalaridan keyin u raqibiga ovoz bergan saylovchilarga murojaat qildi.

«Biz «Real»ga bo‘lgan ehtirosimiz bilan yakdil bo‘lishimiz lozim. Menga ovoz bermaganlarga yuzlanmoqchiman: «Sizning barcha xavotirlaringiz bilan hisoblashish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman!» – deya Peresning so‘zlarini keltirgan klub rasmiy sayti.

Peres saylovoldi kampaniyasi davrida klub bosh murabbiyligiga Joze Mourinioni olib kelishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, lavozimga qayta saylangan prezident «Liverpul»dan Ibraima Konate, «Inter»dan Denzel Dumfris transferini hal qilib qo‘ygan. Yaqin vaqtlar ichida esa klub Yevropaning nomdor klublaridan birining yulduzli futbolchisi uchun 150 million yevrolik taklif bilan chiqishi kutilmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version