Jamiyat

“Pensiyangiz keyingi oydan oshiriladi” – bu yolg‘on!  

Published

on


O‘zbekistonda firibgarlar pensionerlarni ham nishonga ola boshladi. Pensiya jamg‘armasi yangi firibgarlik turidan ogohlantirib, ularga aldanib qolmaslik uchun o‘z tavsiyalarini bildirdi.

Sun’iy intellekt chizgan surat

O‘zbekistonda firibgarlar notanish raqamlardan pensionerlarga qo‘ng‘iroq qilishi holati kuzatilmoqda. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi.  

Jamg‘armaga ko‘ra, ayni kunlarda telefon orqali pensiya yoshidagi fuqarolarga notanish raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilinib, ularning bank plastik kartasi yoki pasport ma’lumotlarini so‘rash holatlari uchramoqda. Firibgarlar o‘zini bank yoki Pensiya jamg‘armasi xodimi sifatida tanishtiryapti.

Ya’ni ular “Pensiyangiz keyingi oydan oshiriladi. Buning uchun ma’lumotlaringizni va telefoningizga kelgan kodni aytsangiz, pensiyangiz kartangizga tushadi, bo‘lmasa oshmay qoladi”, degan ma’noda yolg‘on xabar orqali pensionerlarning ishonchiga kirishga urinmoqda. 

“Pensiya jamg‘armasi xodimlari hech qachon sizga qo‘ng‘iroq qilib, shaxsiy ma’lumotlaringizni yoki telefoningizga kelgan kodlarni so‘ramaydi”, deyiladi xabarda.

Jamg‘arma pensionerlardan pasport, plastik karta yoki JShShIR raqami kabi shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga taqdim etmaslikni so‘ramoqda. Agar shu kabi shubhali holatlar uchrasa, Pensiya jamg‘armasining 1271 qisqa raqamli ishonch telefoniga yoki ichki ishlar organlariga xabar berish tavsiya etilgan.

Avvalroq firibgarlar MIB nomidan ham fuqarolarga ijro hujjati yoki qarzdorlik haqida soxta xabar jo‘natib, tuzoq qurgandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version