Iqtisodiyot
Paxta xomashyosining har tonnasiga 1 mln so‘m subsidiya ajratish tartibi tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan 2025 yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosi uchun qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga har tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya ajratishni nazarda tutuvchi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Qaror bilan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga 2025 yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosi uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizomga ko‘ra:
2025 yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 1 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi;
nizom talablari 2026 yil 1 yanvargacha, spot shartnomalari bo‘yicha esa 2026 yil 1 aprelgacha amal qiladi.
Paxta xomashyosi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi sub’yektlari:
o‘zi yetishtirib sotgan mahsulotni 1 marta yoki bir necha qismida sotganidan qat’i nazar, subsidiya olish uchun 1 marotaba murojaat qilish huquqiga ega;
“Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiyalashuv platformasida shaxsiy kabinet ochish orqali subsidiya olish to‘g‘risida ariza taqdim etadi.
Agroportal orqali shakllantirilgan, subsidiya ajratiladigan paxta yetishtiruvchilar ro‘yxati har oyning 10-sanasida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yuboriladi.
Tijorat banklari esa ajratilgan subsidiya mablag‘larini 3 bank ish kuni ichida paxta xomashyosi yetishtiruvchining 23410 hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.