Iqtisodiyot
Parvarish xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030 yilgacha soliqdan ozod etiladi
Yangi qonunga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030 yil 1 yanvarga qadar barcha turdagi soliqlardan (ijtimoiy soliqdan tashqari) ozod qilinadi.
O‘RQ–1129-sonli qonun bilan Soliq kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga muvofiq, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar belgilangan muddatgacha soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi.
Shuningdek, farzandlari xususiy maktab yoki bog‘chaga boradigan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangan ota-onalar tomonidan har bir bola uchun oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod qilinishi belgilandi.
Bundan tashqari, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar tegishli tartibda ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.