Jamiyat
Parkentda 6-sinf o‘quvchisi arab tilidan B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi
Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 9-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Azizbek Sodiqov arab tilidan B2 milliy sertifikatini qo‘lga kiritdi. Azizbekning bu yutug‘i O‘zbekistonda arab tili bo‘yicha yosh jihatdan qayd etilgan eng yaxshi natijadan biri ekani aytilmoqda.
Toshkent viloyatida 6-sinf o‘quvchisi chet tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Parkent tumanidagi 9-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Azizbek Sodiqov bu natijani arab tilidan qayd etgan. U arab tilidan tumandagi Cosmos School o‘quv markazida tahsil olib kelgan.
Ustozlariga ko‘ra, Azizbekning bu natijasi O‘zbekistonda arab tili bo‘yicha yosh jihatdan qayd etilgan yagona sertifikat hisoblanadi.
Avvalroq Farg‘onada 3-, Samarqandda 4-sinf hamda Navoiyda 5-sinf o‘quvchilari ingliz tilidan B2 sertifikatini qo‘lga kiritgani xabar qilingandi.