Jamiyat
Park in Mall’dagi yong‘indan keyin markaz faoliyati to‘xtatildi
15 mart kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan Park in Mall oilaviy savdo-ko‘ngilochar markazining uchinchi qavatida yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati tegishli hujjatlarga asosan markaz faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, cheklov chorasi yong‘in xavfsizligi sohasida aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilguniga qadar amal qiladi.
Xabarlarga ko‘ra, yong‘in haqidagi xabar 15 mart kuni soat 13:18 da kelib tushgan. Qutqaruv va yong‘in o‘chirish ekipajlari manzilga bir daqiqada yetib borgan va yong‘in 13:28 ga kelib bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan, ammo binodagi taxminan 25 kvadrat metr maydon yonib, zararlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga binodagi ijarachilar tomonidan elektr simlaridan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, yong‘in chiqqan hududda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, tekshiruvlar davomida esa bir qator yong‘in xavfsizligi talablari to‘liq bajarilmagani aniqlangan.
Avvalroq Toshkent shahar FVB mazkur majmua hodisa sodir bo‘lgan paytda rasman foydalanishga topshirilmaganini ham bildirgan. Shunga qaramay, binoda bir necha oydan buyon do‘konlar, ovqatlanish shoxobchalari, kinoteatr va fitnes markazi ishlab kelayotgani aytilmoqda.