Sport
Paralimpiya sport turlari yanada rivojlantiriladi
«Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar paralimpiya sport turlarini (parayengil atletika, paradzyudo, parataekvondo, parasuzish, parapauerlifting, parao‘q otish) yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
nogironligi bo‘lgan shaxslarning paralimpiya sport turlariga qiziqishini oshirish hamda zarur shart-sharoitlarni yaratish;
terma jamoalar uchun sport zaxirasini yaratish, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya)ning raqamlashtirilgan tizimini joriy qilish.
Paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlashning quyidagi takomillashtirilgan tartibi joriy etiladi:
nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyati va qiziqishiga qarab, ularning boshqa sog‘lom sport guruhlarida ham shug‘ullanishi hamda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishiga sharoit yaratiladi;
haqiqiy talabdan kelib chiqib, har bir hududda ayrim davlat sport maktablari paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtiriladi;
paralimpiyachilarni tayyorlashda ularning nogironlik toifasini (klassifikatsiyasini) barvaqt aniqlash amaliyoti joriy etiladi;
paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalarning puxta tayyorgarligini tashkil qilish uchun har bir sport turi bo‘yicha alohida sport bazalari biriktiriladi.