Iqtisodiyot
«O‘zmilliybank» AJ va «China International Capital Corporation» o‘rtasida Xitoy kapital bozoriga chiqish yuzasidan 1,5 mlrd. yuan miqdoridagi kelishuv imzolandi
2026 yil 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov boshchiligidagi delegatsiyaning Gonkong maxsus ma’muriy xududiga rasmiy tashrifi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (“O‘zmilliybank” AJ) va “China International Capital Corporation” o‘rtasida mandat kelishuvi imzolandi. Mazkur hujjat Gonkong fond birjasida 1,5 mlrd. yuan (220 mln. AQSh doll. ekv.) miqdoridagi “dim-sam” obligatsiyalarini chiqarishni tashkil etishni ko‘zda tutadi.
Mazkur hujjat Gonkong shahrida o‘tkazilgan birinchi O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy forumi doirasida imzolangan bo‘lib, ushbu tadbir ikki davlatning hukumat vakillari, moliyaviy tuzilmalar va biznes doiralarini birlashtirdi.
“O‘zmilliybank” AJ xalqaro kapital bozorlarida Xitoy yuanidagi obligatsiyalarni joylashtirishni tashkil etish bo‘yicha “China International Capital Corporation” bilan hamkorlik kelishuviga erishgan O‘zbekistondagi birinchi tijorat banki bo‘ldi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston korporativ qarzdorlarining Xitoy qarz kapitali bozoriga debyut chiqishi uchun asos yaratadi hamda tomonlarning o‘zaro uzoq muddatli manfaatlariga tayangan holda ushbu instrumentni rivojlantirishga bo‘lgan yondashuvni aks ettiradi. Shu bilan birga, obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha yakuniy qaror bozor kon’yunkturasi, geosiyosiy vaziyat va foiz stavkalari dinamikasini hisobga olgan holda qabul qilinadi.
«O‘zmilliybank» AJ 2020 yildan buyon xalqaro kapital bozorining faol ishtirokchisi sifatida London va Vena fond birjalarida umumiy qiymati 1,13 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi 3 ta emissiyani muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Mazkur transhlar doirasida 900 mln AQSh dollari hamda 2,9 trln so‘m miqdoridagi yevroobligatsiyalar muomalaga chiqarildi.
Imzolangan kelishuv yirik va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalaridan biri bo‘lgan Xitoy kapital bozoriga “O‘zmilliybank” AJning chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek, Xitoyning yetakchi moliya institutlari, jumladan, “Industrial and Commercial Bank of China”, “Bank of China”, “Agricultural Bank of China”, “Bank of Communications”, “Industrial Bank Co., Ltd.”, “China Construction Bank” va “China Minsheng Bank” bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Mazkur hujjat 2026 yilga mo‘ljallangan Davlat investitsiya dasturi doirasida “O‘zmilliybank” AJ oldiga qo‘yilgan xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 mlrd AQSh dollari miqdorida moliyalashtirish jalb qilish vazifasi ijrosini ham ta’minlaydi.
Bundan avval “O‘zmilliybank” AJ ishchi guruhi tomonidan Gonkong shahrida “China International Capital Corporation” jamoasi ko‘magida Xitoyning yirik moliya institutlari va institutsional investorlari bilan “Non-Deal Road Show” formatidagi qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbirda Xitoyning 20 dan ortiq yetakchi moliya institutlari, jumladan, “Bank of Communications”, “Industrial Bank of China”, “CMBC Capital”, “Ping An Securities”, “Haitong International”, shuningdek, “Value Partners”, “Fountainhead”, “Arkkan”, “L&R”, “Lux Aeterna” va “Enhanced Investment Products” kabi aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalar ishtirok etgan.
Bundan tashqari, “T. Rowe Price”, “Ninety One”, “Brevan Howard”, “Pictet” va “TT International” kabi qator xalqaro institutsional investorlar bilan xam uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.
Uchrashuvlar davomida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy isloxotlar, “O‘zmilliybank” AJning 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalari, bankning rivojlantirish strategiyasi xamda xalqaro kapital bozorlariga chiqish borasidagi istiqbolli rejalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Investorlar tomonidan “O‘zmilliybank” AJning Xitoy yuanidagi obligatsiyalarini joylashtirish imkoniyatlariga yuqori qiziqish bildirildi, hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raxbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga yuqori baxo berildi. Xitoy moliya institutlari, jumladan, “China International Capital Corporation” bilan strategik xamkorlik – halqaro kapital bozorlariga chiqish va moliyaviy resurslarni diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun:
1. “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ 1991-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning eng yirik tizimli axamiyatga ega banki xisoblanadi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, bank aktivlari 12 mlrd. AQSh doll.dan oshdi, kredit portfeli 9,0 mlrd. AQSh doll.ga yetdi, jami kapital 1,6 mlrd. AQSh doll.dan ortdi. Sof foyda esa 160 mln. AQSh doll.ni tashkil etdi. Bu respublika bank tizimidagi eng yuqori ko‘rsatkichlari hisoblanadi.
2. 1995-yilda tashkil etilgan “China International Capital Corporation” (CICC) Xitoyda zamonaviy investitsiya banking sohasining ilk ishtirokchilaridan biri xisoblanadi xamda milliy kapital bozorini rivojlantirishda muxim o‘rin tutib, xitoylik va xalqaro investorlar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda. Kompaniya investitsiya-bank konsaltingi, kapital bozorlarida joylashtirishlarni tashkil etish, aktivlarni boshqarish xamda brokerlik hizmatlarini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli hizmatlarni taqdim etadi.
CICC Xitoyning materik qismida keng tarmoqqa, shuningdek, Gonkong, Singapur, London va Nyu-York shaxarlarida horijiy ofislariga ega bo‘lib, transchegaraviy bitimlarni, jumladan, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi loyixalarni amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, CICC’ning jami aktivlari 92,4 mlrd dollarni, xususiy kapitali 16 mlrd dollarni, sof foydasi esa 777 mln dollarni tashkil etdi.