Iqtisodiyot

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yagona markazlashgan tizim yaratiladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston 2030 yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazish, eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirishni maqsad qilgan.

Yig‘ilishda ushbu marralarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga to‘liq mos bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Hozirga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va nazorati bilan uchta idora shug‘ullanib kelmoqda. Oqibatda sanitariya, veterinariya va karantin organlari o‘rtasida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanmagan, ayrim vazifa va funksiyalar bir-birini takrorlamoqda. Bu esa tadbirkorlarning eksport va import jarayonlarida ortiqcha ovoragarchilikka duch kelishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘simliklar karantini agentligida 100 ta, Veterinariya qo‘mitasida 115 ta, sanitariya-epidemiologiya tizimida 44 ta vazifa va funksiya mavjudligi, shu bilan birga, mahsulotni “yetishtirishdan iste’molchigacha” kuzatib borish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Eksportda ham hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar bor. Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan mahsulotlarimizda pestitsid qoldiqlari bo‘yicha 25 ta ogohlantirish berilgani qayd etildi. Bu xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish uchun mahsulot xavfsizligini nazorat qilish tizimini tubdan o‘zgartirishni talab qiladi.

Amalda nazorat idoralari tomonidan faqat yakuniy mahsulotni tekshirish bilan chegaralangani, ishlab chiqarish zanjirida oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini kafolatlovchi xalqaro standartlarni joriy qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani qayd etildi. Shu munosabat bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini chuqur isloh qilish va xalqaro talablarga mos yagona markazlashgan tizim yaratilishi belgilandi.

Unga muvofiq, “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi. U O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi va Sanepidqo‘mitaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi negizida shakllantiriladi.

Yangi tizimda eskirgan, tadbirkor faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan tekshiruvlardan voz kechiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinib, uning o‘rniga xavfga asoslangan nazorat va tekshiruv tartibi joriy etiladi.

Bugungi kunda respublikadagi 80 mingta obektdan faqat 1,6 mingtasida, ya’ni 2 foizida bunday tartib qo‘llanilmoqda. Endi xavfli mahsulotlar to‘g‘risida tezkor xabar berish va ularni qaytarib olish bo‘yicha elektron tizim yaratiladi.

2029 yil 1 yanvardan boshlab meva-sabzavot eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi. Eksport salohiyati yuqori yirik oziq-ovqat korxonalarini xalqaro xatarlar tahlili standarti va Alimentarius kodeksi talablariga o‘tkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Ushbu ko‘rsatkich 2028 yilgacha 20 foizga, 2030 yilgacha 60 foizga, 2032 yilgacha esa 100 foizga yetkaziladi.

Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 20 ta tumanda ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishga ko‘maklashuvchi jamoatchi inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bundan buyon meva-sabzavot eksporti statistikasi mahsulot qaysi hududda yetishtirilgan bo‘lsa, o‘sha hududda hisobga olinadi.

2027 yildan boshlab laboratoriya tekshiruvi, hayvonlarni emlash, dezinfeksiya va identifikatsiya qilish kabi 6 ta davlat funksiyasi xususiy sektorga beriladi. Viloyat hokimlariga yil yakunigacha ushbu xizmatlar bo‘yicha kamida 2 tadan xususiy laboratoriya va veterinariya klinikasini tashkil etish topshirildi.

Har bir mahsulot bo‘yicha onlayn kuzatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Fermer va dehqonlar uchun “Agro ko‘makchi” mobil ilovasida elektron “Dala daftari” tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim orqali sun’iy intellekt zararkunandalar tarqalishini oldindan bashorat qilib, dehqonlarga zarur tavsiyalar beradi.

Faol va halol ishlayotgan fermerlar reytingi yuritiladi va ularga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. 2027 yil 1 martgacha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha yagona avtomatlashgan axborot platformasi ishga tushiriladi. U chegaradagi “Yagona darcha” tizimi bilan integratsiya qilinib, eksportchilar ortiqcha byurokratik jarayonlardan ozod etiladi.

Yangi tizim orqali importda nazorat vaqti 9 kundan 2 kunga, eksportda esa 3 kundan 1 kungacha qisqartirilishi belgilandi. Buning hisobiga tadbirkorlarning mahsulotni omborda saqlash xarajatlari 70 milliard so‘mga tejaladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version