Jamiyat
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi
Prezident farmoni bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yagona davlat boshqaruvi joriy etildi.
«Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar quyidagilar:
sohaga mas’ul idoralarning bir-birini takrorlovchi funksiyalarini maqbullashtirish orqali yagona davlat boshqaruvini tashkil etish;
«daladan dasturxongacha» tamoyili asosida xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimini joriy etish;
amaldagi sanitariya qoidalarini Alimentarius kodeksi standartlari, Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (WOAH), O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya (IPPC) talablariga muvofiqlashtirish.
Farmonga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi.
2027 yil 1 yanvardan xususiy sektorga bosqichma-bosqich o‘tkaziladigan (turlari kengaytiriladigan) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash sohasidagi funksiyalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Shuningdek, Qo‘mita huzurida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi instituti tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, tadbirkorlarning yukini ko‘rik uchun yo‘naltiriladigan omborlarda saqlash xarajatlari 60 mlrd so‘mgacha qisqartiriladi.
Olib kirilayotgan fitosanitar xavf darajasi o‘rta tovarlar nazoratiga vaqt sarfi o‘rtacha 3 ish kunidan 1 ish kuniga qisqartiriladi.
2026 yil 1 avgustdan karantindagi mahsulotlar fitosanitariya nazoratini amalga oshirishda xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi joriy qilinadi.
Xavflarni boshqarish tizimi «E-Fitouz» elektron portalida shakllantiriladi hamda Bojxona qo‘mitasining «Yagona darcha» BAT bilan integratsiya qilinadi.
Shuningdek, 2026 yil avgustdan sinov tariqasida meva-sabzavotlarga ixtisoslashgan ayrim tumanlarda mahsulotlarni yetishtirishdan eksportgacha fitosanitar nazoratni amalga oshirishda jamoatchi inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
2029 yil 1 yanvardan meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi.