Jamiyat
O‘zgidromet kuchli yomg‘irlar va sel xavfi haqida ogohlantirdi
O‘zgidromet 4–6 iyul kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi munosabati bilan sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari kuzatilishi ehtimoli ham mavjud.
Ma’lum qilinishicha, xavf Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘ oldi hamda tog‘li tumanlarini qamrab oladi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryoning Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel kelish xavfi yuqori baholanmoqda.
Shuningdek, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tog‘li va tog‘ oldi hududlarida ham sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Bundan tashqari, kuchli yog‘ingarchilik tufayli respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosishi ehtimoli ham mavjudligi qayd etildi.