Jamiyat
O‘zbekistonning «ochiq» va «yopiq» tashkilotlari e’lon qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «ochiq» va «yopiq» davlat tashkilotlari ro‘yxatini e’lon qildi.
Prezident Farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligi 2022-yildan boshlab har yili «Ochiqlik indeksi» asosida baholab kelinmoqda.
2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan bu yilgi baholashda 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi. Baholash jarayoni 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida amalga oshirildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta davlat organi «yashil», 22 tasi «sariq» va 9 tasi «qizil» samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etdi.
2022-yildagi, ya’ni ilk baholash ko‘rsatkichlari bilan taqqoslaganda «yashil» toifadagilar 3,5 barobarga ko‘paygan bo‘lsa,«sariq» toifadagilar 2 barobar va «qizil» toifadagilar 3 barobarga kamaygan.
Ochiqlik bo‘yicha eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari «Navoiy kon-metallurgiya kombinati», «O‘zbekgidroenergo» va «O‘zavtosanoat» AJlari, Transport nazorati inspeksiyasi,«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan qayd etildi.
Respublika darajasidagi tashkilotlardan — O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, hududiy miqyosda esa Andijon viloyati va Toshkent shahar hokimliklari eng past ko‘rsatkichlarni qayd etib,«qizil» toifada baholandi.
Agentlik tomonidan kelgusida baholash jarayonlarini quyi tizimlarda ham amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, 2026-yil 2-yarmidan sinov tariqasida Navoiy viloyatining tuman va shahar hokimliklari, tashkilotlari faoliyati ochiqligi darajasini index.anticorruption.uz platformasida baholash rejalashtirilmoqda.