Iqtisodiyot

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bilan savdosi keskin o‘sdi

Published

on


So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zaro savdo, investitsiyalar va qo‘shma korxonalar sonining ortishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqaning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Mintaqa davlatlari bilan savdo 3,1 barobar oshdi

2017–2025 yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 3,1 barobar oshib, 8,3 mlrd AQSh dollariga yetdi.

Shu davrda eksport hajmi 2,1 barobar ko‘payib, qariyb 3,2 mlrd dollarni, import esa 4,2 barobar o‘sib, 5,1 mlrd dollarni tashkil etdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni yetti barobardan ko‘proq oshib, 2,3 mingtadan oshdi.

Mintaqa davlatlaridan O‘zbekistonga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning yillik hajmi esa 600 barobardan ziyod o‘sdi. Ushbu ko‘rsatkich 2017-yilda 2,1 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 1,3 mlrd dollarga yetdi.

Qozog‘iston eng yirik savdo hamkori bo‘lib qoldi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo hamkori Qozog‘iston bo‘ldi.

Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash hajmi 5 mlrd dollarni yoki O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan umumiy savdosining 60,2 foizini tashkil etdi.

Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan tovar ayirboshlash hajmi 1,2 mlrd dollardan bo‘lib, har birining ulushi 14,5 foizga teng bo‘ldi.

Tojikiston bilan tashqi savdo hajmi esa 912,3 mln dollarni yoki jami mintaqaviy savdoning 11 foizini tashkil qildi.

2025-yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti 3,2 mlrd dollarga yetdi. Mintaqa davlatlarining mamlakat umumiy eksportidagi ulushi 9,8 foizni tashkil etdi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan import hajmi 5,1 mlrd dollar bo‘lib, ularning O‘zbekiston umumiy importidagi ulushi 11,1 foizga yetdi.

O‘zaro savdoni ikki barobardan ko‘proq oshirish mumkin

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo 1996–1997 yillarda imzolangan ikki tomonlama erkin savdo bitimlari asosida amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, uchinchi davlatlardan import qilinayotgan mahsulotlarni mintaqa mamlakatlarining o‘zaro yetkazib berishlari bilan almashtirish imkoniyati mavjud.

Buning hisobiga Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ichki savdo hajmini 11,4 mlrd dollarga, ya’ni ikki barobardan ko‘proq oshirish mumkin.

Mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish uchun o‘zaro savdodagi tarif istisnolari va notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish talab qilinadi.

Shuningdek, mintaqa eksportyorlari va importyorlarini Markaziy Osiyo umumiy bozoridagi talab va taklifga doir dolzarb ma’lumotlar bilan muntazam ta’minlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda mintaqa kapitali ishtirokida 2 384 ta korxona bor

2017–2025 yillarda Markaziy Osiyo davlatlaridan O‘zbekistonga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning umumiy hajmi 2,5 mlrd dollarni tashkil etdi.

Faqat 2025-yilning o‘zida mintaqadan jalb qilingan investitsiyalar va kreditlar hajmi 1,3 mlrd dollarga yetdi.

2026-yil iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari kapitali ishtirokida 2 384 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Shundan:


Qozog‘iston kapitali ishtirokida — 1 283 ta;
Tojikiston kapitali ishtirokida — 442 ta;
Qirg‘iziston kapitali ishtirokida — 362 ta;
Turkmaniston kapitali ishtirokida — 297 ta korxona tashkil etilgan.

Ozarbayjon bilan savdo 9,5 barobar oshdi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

Ikki mamlakat prezidentlari raisligida Oliy davlatlararo kengash tashkil etildi. Mazkur tuzilma ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning asosiy mexanizmlaridan biriga aylandi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo ham erkin savdo rejimi asosida amalga oshirilmoqda.

2017–2025 yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 9,5 barobar oshib, 32,5 mln dollardan 307,3 mln dollarga yetdi.

O‘zbekistonning Ozarbayjonga eksporti 8,2 barobar ko‘payib, 27,6 mln dollardan 227,3 mln dollarga yetdi. Import esa 16,3 barobar o‘sib, 4,9 mln dollardan 80 mln dollarga ko‘tarildi.

O‘zbekiston Ozarbayjonga nimalar eksport qildi?

2025-yilda O‘zbekistonning Ozarbayjonga eksporti 227,3 mln dollarni tashkil etdi.

Eksport tarkibida:


sanoat mahsulotlari — 63,4 mln dollar;
mashina va transport uskunalari — 49,3 mln dollar;
oziq-ovqat mahsulotlari — 36,3 mln dollar;
ichimliklar va tamaki mahsulotlari — 34,3 mln dollar;
tayyor mahsulotlar — 11 mln dollar;
kimyo mahsulotlari — 5,1 mln dollar;
xizmatlar — 22,5 mln dollar bo‘ldi.

Ozarbayjondan import hajmi esa 80 mln dollarni tashkil qildi.

Importning asosiy qismini oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etib, ularning qiymati 43,2 mln dollarga yetdi.

Shuningdek, 17,4 mln dollarlik sanoat mahsulotlari, 5,8 mln dollarlik mashina va transport uskunalari, 5,4 mln dollarlik kimyo mahsulotlari hamda 4,3 mln dollarlik xizmatlar import qilindi.

Ozarbayjon investitsiyalari 173,7 mln dollarga yetdi

2023-yilda ustav kapitali 500 mln dollar bo‘lgan Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 460 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu 2017 yildagi 71 ta korxonaga nisbatan 6,5 barobar ko‘p.

2025-yilda Ozarbayjondan O‘zbekistonga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 173,7 mln dollarni tashkil etdi. 2017 yilda bu ko‘rsatkich atigi 100 ming dollar bo‘lgan.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga Ozarbayjondan jalb qilingan investitsiyalarning umumiy hajmi 318,6 mln dollarga yetdi.

Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi korxonalar asosan qurilish, qayta ishlash sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston kapitali ham Ozarbayjon bozoridagi ishtirokini kengaytirmoqda. Jumladan, avtomobillar va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etilgan.

Transkaspiy yo‘lagi hamkorlikning muhim yo‘nalishi

Transport va logistika O‘zbekiston–Ozarbayjon hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi — O‘rta yo‘lak orqali tovarlarni Yevropa bozorlariga yetkazib berishda Ozarbayjonning transport-logistika salohiyatidan foydalanishga qiziqish bildirmoqda.

Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini yanada oshirish va O‘zbekiston mahsulotlarini yangi tashqi bozorlarga olib chiqish imkonini beradi.

Manba: Iqtisodiy tadqiqotlar
va islohotlar markazi



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version