Jamiyat
O‘zbekistonliklar yaqin kunlarda sayyoralar paradini kuzatishi mumkin
28 fevral, shanba kuni oltita sayyoradan iborat parad sodir bo‘ladi. Ushbu sayyoralar paradida Quyosh tizimidagi oltita sayyora – Merkuriy, Venera, Neptun, Saturn, Uran va Yupiter sayyoralar ishtirok etadi.
O‘zFAning ma’lum qilishicha, o‘sha kuni Quyosh botgandan keyin sayyoralar paradini mamlakatning barcha hududlaridan kuzatish mumkin.
«Ushbu sayyoralar paradida sayyoralar osmon sohasining chorak qismini egallaydi va paradda ishtirok etadigan sayyoralarni osmonning janubiy-g‘arbiy qismidan topishingiz mumkin. Ushbu paradda ishtirok etadigan sayyorlardan faqat 4 tasini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin, xolos. Bular: Merkuriy, Venera, Saturn va Yupiter. Neptun va Uran sayyoralari esa juda xira bo‘lganligi sababli ularni ko‘rish uchun maxsus optik uskunalar (teleskop yoki binokl) kerak bo‘ladi», – deyiladi Akademiya axborotida.
Qayd etilishicha, Merkuriy va Venera Quyoshga juda yaqin bo‘lganligi sababli ular parad vaqtida ufqqa juda yaqin bo‘ladi, bu esa ularni osmonda ko‘rish imkoniyatini kamaytiradi.
«Quyosh botgach janubi-g‘arbiy osmonga qaraganimizda to‘layotgan yarim Oy va undan uncha uzoqda bo‘lmagan Yupiterni topasiz, Uran sayyorasi oddiy ko‘z bilan ko‘rinmaydi lekin Uran sayyorasi Pleada (Hulkar yulduz to‘dasi) yaqinida bo‘ladi. Hulkar yulduz to‘dasi qorong‘u tunda oddiy ko‘z bilan ham ko‘rinadi va osmonda e’tiboringizni tortadi. Saturn, Neptun, Venara va Merkuriy bu paradda bir biriga juda yaqinligi bilan diqqatga sazovor. Bu to‘rtta sayyora Quyosh botgach, unga ergashib botishni boshlaydi va shu sababli bu to‘rtta sayyorani osmonda ko‘rish uchun g‘arbiy osmon ufqini baland binolar to‘smaydigan tepalikdan kuzatish kerak bo‘ladi», – deyiladi axborotda.
Ma’lumot uchun, sayyoralar paradi bu noyob astronomik hodisa bo‘lib, katta sayyoralar paradi (bunda 5 ta yoki undan ortiq sayyoralar bir-biriga yaqin burchak masofaga kelishi, tahr.) 18-20 yilda bir marta sodir bo‘ladi.