Jamiyat
O‘zbekistonliklar shubhali xorijiy qo‘ng‘iroqlardan ogohlantirildi
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy raqamlardan kelayotgan shubhali qo‘ng‘iroqlar soni ortib bormoqda. Mutaxassislar bunday holatlar ortida kiberfiribgarlar turishi mumkinligini ta’kidlab, aholini ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qo‘ng‘iroqlar oddiy telefon aloqasi orqali emas, balki internet va maxsus dasturlar yordamida amalga oshiriladi. Firibgarlar o‘zlarining haqiqiy raqamlarini yashirgan holda, telefon ekranida istalgan davlatga tegishli bo‘lgan soxta raqamlarni ko‘rsatishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday qo‘ng‘iroqlar internet orqali yuborilgani sababli, ularni kim va qayerdan amalga oshirganini aniqlash ancha mushkul. Shuningdek, ushbu raqamlar haqida maxsus bazalarda ma’lumot bo‘lmasligi, ularning vaqtinchalik va soxtalashtirilgan raqamlar ekanini anglatadi.
Shubhali qo‘ng‘iroqlar bir qator xavflarni keltirib chiqaradi. Xususan, bunday raqamlarga qayta qo‘ng‘iroq qilish abonent hisobidan mablag‘ yechilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, firibgarlar o‘zini turli tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, shaxsiy ma’lumotlar va bank kartalariga oid maxfiy kodlarni qo‘lga kiritishga urinadi.
Mutaxassislar, shuningdek, notanish raqamdan kelgan qo‘ng‘iroqqa javob berish orqali abonent raqami “faol” ekani aniqlanishi va natijada bunday qo‘ng‘iroqlar soni yanada ortishi mumkinligini qayd etmoqda. Ayrim holatlarda esa ovoz yozib olinib, sun’iy intellekt orqali soxtalashtirilib, yaqinlarni aldash maqsadida ishlatilishi xavfi ham mavjud.
Shu munosabat bilan fuqarolarga notanish va shubhali xorijiy raqamlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarga javob bermaslik, ularga qayta qo‘ng‘iroq qilmaslik, bunday raqamlarni bloklash hamda shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmaslik tavsiya etilmoqda.