Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklar 4 oyda ko‘chmas mulk xizmatlariga 9,2 trln so‘m sarfladi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar hajmi 9,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga ko‘p.
Hisobotga ko‘ra, mazkur xizmatlar bozorida eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda to‘rt oy davomida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar hajmi 5,7 trln so‘mga yetgan.
Ko‘rsatkichlar ko‘chmas mulk bozorida xizmatlarga talab saqlanib qolayotganini hamda ayrim hududlarda bozor faolligi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Jumladan,Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk xizmatlari hajmi 677,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati — 441,1 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyati — 370,2 mlrd so‘m va Andijon viloyati — 323,4 mlrd so‘m qayd etildi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 264,7 mlrd so‘m, Namangan viloyatida 254,2 mlrd so‘m, Surxondaryo viloyatida 226,8 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Buxoro viloyatida mazkur ko‘rsatkich 213,1 mlrd so‘mni, Xorazm viloyatida 197,1 mlrd so‘mni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 195,8 mlrd so‘mni tashkil qildi. Navoiy viloyatida 168,5 mlrd so‘m, Jizzax viloyatida 118,9 mlrd so‘m va Sirdaryo viloyatida 106,2 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi.