Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklar 3 oyda davolanishga 5,4 trln so‘m sarfladi
2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 5,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, jami xizmatlar tarkibida 29,9 foiz ulush shifoxona muassasalari xizmatlariga to‘g‘ri keldi. Tibbiy amaliyot va stomatologiya xizmatlari 17,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, qolgan 52,6 foiz boshqa tibbiy xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda uch oy ichida 2,5 trillion so‘mlik sog‘liqni saqlash xizmatlari ko‘rsatilgan.
Toshkent viloyati 477 milliard so‘m bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 410 milliard so‘mni tashkil qildi.
Farg‘ona viloyatida 365,3 milliard so‘mlik, Namanganda 246,7 milliard so‘mlik va Andijonda 244,5 milliard so‘mlik tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan.
Buxoro viloyatida xizmatlar hajmi 216,1 milliard so‘m, Xorazm viloyatida 202,3 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyatida esa 201,2 milliard so‘m bo‘ldi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatida 144,6 milliard so‘m, Jizzax viloyatida 126,3 milliard so‘m va Sirdaryo viloyatida 98,9 milliard so‘mlik tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 95,3 milliard so‘mni tashkil etdi. Navoiy viloyatida esa bu ko‘rsatkich 87,2 milliard so‘m bo‘lgan.