Jamiyat
O‘zbekistonlik tadbirkor Puma brendini ruxsatsiz ishlatgani uchun 40 mln so‘m to‘laydi
Adliya organlari tekshiruvi natijasida «P.B.» MChJ tomonidan PUMA tovar belgisi huquqlari buzilgani aniqlandi. Korxonaga 40 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llandi, huquqbuzarlikni to‘xtatish belgilandi.
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish maqsadida o‘tkazilayotgan o‘rganishlar davomida boshqa shaxsga tegishli brenddan ruxsatsiz foydalanish holatlari aniqlanmoqda. Shu jumladan, «Puma SE.» (Germaniya) kompaniyasining «PUMA» tovar belgisiga oid huquqlar «P.B.» MChJ tomonidan buzilgani bo‘yicha murojaat ko‘rib chiqildi.
Tekshiruv natijasida «PUMA» belgisi qo‘llangan kontrafakt mahsulotlar sotuvga taklif etilgani tasdiqlandi.
Holat yuzasidan «P.B.» MChJga nisbatan 40 mln so‘m jarima tayinlandi hamda «PUMA» tovar belgisiga nisbatan huquqlarni buzuvchi barcha harakatlarni darhol to‘xtatish talabi qo‘yildi.