Jamiyat
O‘zbekistonlik mehnat muhojiri yiliga o‘rtacha 2-4 ming AQSh dollari jo‘natyapti – Markaziy bank
Markaziy bank xalqaro migratsiya, pul o‘tkazmalari va jismoniy shaxslarning valyuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha navbatdagi tahliliy sharhni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, global migratsiya va pul o‘tkazmalari ko‘plab mamlakatlar uchun barqaror tashqi moliyalashtirish manbai bo‘lib, uy xo‘jaliklari daromadlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ichki bozorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbekiston ham hozirgi kunda xalqaro mehnat migratsiyasi global yo‘nalishlariga integratsiyalashib, mehnat muhojirlari an’anaviy davlatlar (Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Turkiya) bilan bir qatorda Yevropa va Osiyo davlatlariga yo‘nalmoqda. Shunga mutanosib ravishda, 2024-2025 yillarda O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining asosiy qismi ushbu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2025-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga, mehnat muhojirlari ishlaydigan mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan barqaror darajada saqlanib qolishi bilan bir qatorda ulardagi iqtisodiy faollikning oshishi hamda milliy valyuta kurslari mustahkamlanishi ham ta’sir qildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasida diversifikatsiya jarayonlari davom etib, bu rivojlangan mamlakatlardan O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sishida namoyon bo‘ldi.
Xususan, transfertlar hajmi:
Buyuk Britaniyadan 39 foizga;Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 37 foizga (Irlandiya 2,6 barobar, Xorvatiya 2,5 barobar, Slovakiya 67 foiz, Litva 57 foiz, Niderlandiya 49 foiz, Polsha 9 foiz);AQShdan 15 foizga;Janubiy Koreyadan 15 foizga oshishi mehnat migratsiyasining yangi yo‘nalishlar bo‘yicha kengayib borayotganini anglatadi.
Regulyator press-reliziga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 2024-yilga nisbatan 28 foizga (4,1 mlrd doll) ko‘payib 18,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda an’anaviy va bank o‘tkazmalari kesimida bir qabul qiluvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yillik o‘tkazma summasi 2-4 ming dollar ekvivalentini tashkil etadi.
O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi esa 2024-yilga nisbatan 5 foizga (138,4 mln doll) qisqarib, 2,7 mlrd dollarni tashkil qildi.