Jamiyat
O‘zbekistonlik haydovchilar uchun Yaponiyada oyiga kamida 2 ming dollar maosh taklif etilmoqda
Proud & Partners kompaniyasi prezidenti Ryuji Suzukining bildirishicha, loyiha doirasida avval yuk avtomobili haydovchilarini tayyorlash boshlangan. O‘zbekiston fuqarolari uchun oyiga kamida 2 ming dollar maosh taklif qilish shart qilib belgilangan. Keyinchalik tayyorlanadigan kadrlar sonini 5 ming nafargacha yetkazish maqsad qilinmoqda.
Yaponiyaning yirik Proud & Partners kompaniyasi prezidenti Ryuji Suzuki “Dunyo” AAga bergan ma’lumotida kompaniya xorijdan ishchi kuchini Yaponiya iqtisodiyotiga qonuniy va tizimli tarzda jalb qilish bilan shug‘ullanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungacha qariyb 5 ming nafar xorijiy fuqarolarni Yaponiya mehnat bozoriga olib kirishga muvaffaq bo‘lingan.
Suzuki Yaponiyada demografik inqiroz natijasida logistika va qurilish kabi asosiy tarmoqlarda ishchi kuchi yetishmasligi kuchayib borayotganini ta’kidladi. Shu bois kompaniya tayyor ishchi kuchini “tayyor holda” jalb qilish o‘rniga, mutaxassislarni o‘z davlatlarida til va kasbga tayyorlash markazlari orqali o‘qitish, malakasini oshirish va aniq ish o‘rinlari bilan ta’minlash tamoyili asosida ish olib borayotganini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, loyihaning dastlabki bosqichi yuk avtomobili haydovchilarini tayyorlashga qaratilgan. Kompaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun oyiga kamida 2 ming AQSh dollari va undan yuqori maosh taklif etishni asosiy shart sifatida belgilagan.
Shu bilan birga, faoliyat yo‘nalishlarini bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti bilan hamkorlikda umumiy ovqatlanish sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, birinchi bosqichda yuz nafarga yaqin kadr tayyorlash ko‘zda tutilgan. Qurilish sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha esa O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda rejalar ishlab chiqilayotgani aytildi.
Suzukining qayd etishicha, loyihani avvaliga taxminan 100 nafar ishtirokchi bilan boshlash rejalashtirilgan bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi amaliy tizim va kadrlar salohiyati bilan tanishuvdan so‘ng hamkorlik imkoniyatlari ancha keng ekaniga ishonch hosil qilingan. Natijada, yapon kompaniyalariga aniq takliflar kiritish imkoniyati paydo bo‘lgan va hozirda 500 nafar kadrni tayyorlash ishlari amaliy bosqichga o‘tgan. Kelgusida esa tashabbusni 5 ming nafargacha kengaytirish maqsad qilinmoqda.
Kompaniya rahbarining aytishicha, Proud & Partners faoliyati faqat kadrlarni tayyorlash va ish beruvchilar bilan bog‘lash bilan cheklanmaydi. O‘zbekistondan tayyorlangan mutaxassislarni qabul qilgan yapon kompaniyalariga ushbu kadrlar ishtirokida O‘zbekistonda yangi biznes yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish jarayonida ham ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Suzuki ushbu tashabbus orqali ikki davlat uchun manfaatli barqaror biznes hamkorlik zanjirini shakllantirish, shuningdek, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni asosiy maqsad sifatida qayd etdi.