Jamiyat
O‘zbekistonlik haydovchi Amerikada oqibati o‘lim bilan tugagan YTH sodir etdi
AQShning Ohayo shtati Kolumbus shahrida o‘zbekistonlik haydovchi o‘z boshqaruvidagi yuk mashinasida YTH sodir etdi. Avariya oqibatida 21 yoshli kollej o‘quvchisi Tobi Forsayt halok bo‘ldi. AQSh mediasi haydovchi dalillarni yashirishga uringanini yozdi. Kun.uz gaplashgan manbalarga ko‘ra, vaziyat boshqacha. Ayni dam birinchi sud majlisi ham o‘tkazilgan.
Amerika telekanallari o‘zbekistonlik trak haydovchisi kollej o‘quvchisini urib o‘ldirdi, deya xabar tarqatdi. Masalan, Fox News’dagi reportajda aytilishicha, ingliz tilida uncha gaplasha olmaydigan haydovchi avariyadan so‘ng dalillarni yo‘qotishga uringan. Kun.uz vaziyat yuzasidan birlamchi ma’lumotlarni yig‘ishga urindi. Bizga aytilishicha, yo‘l-transport hodisasidan keyin o‘zbekistonlik haydovchi kamera yozuvlarini o‘zi bilan olgan, maqsadi dalillarni yo‘q qilish emas, balki saqlash bo‘lgan.
Voqea o‘tgan yakshanba kuni Ohayo shtatining Kolumbus shahrida sodir bo‘lgan. Afsuski, avariya oqibatida 21 yoshli kollej o‘quvchisi halok bo‘lgan. Amerika matbuoti uni yaxshi futbolchi, yaxshi jamoadosh deb ta’riflamoqda. Shuningdek, 42 yoshli o‘zbekistonlik Bayden ma’muriyati davrida AQShga kirgan va Nyu Yorkdan tijorat litsenziyasini olgan, politsiya uning inglizchani bilmasligini aytmoqda, deydi Amerika matbuoti.
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston elchixonasi, konsullik hamda vatandoshlarga ulandi. Ma’lumotlarni aniqlashda Vashington shtatidagi konsullik yordamlashdi. Bosh konsul Ahror Burhonov orqali gaplashgan manbalarimizga ko‘ra, vaziyat ko‘ringanidek emas. O‘zbekistonlik haydovchi qochishga urinmagan, o‘zining telefonlari va videoyozuvlarini yo‘qolib ketmasligi uchun o‘zi bilan olgan. Buni Tsinsinatti shahridagi “Hamkor Uz” jamoatchilik tashkiloti rahbari Zafar Alimov ham tasdiqladi.
“Vatandoshimiz bilishimcha, Amerikaga qonuniy kelgan. O‘zi ham avariyadan stressda, videoyozuvlarni olishdan maqsadi yashirish emas, balki ularni saqlab qolish bo‘lgan. Chunki uning yuk mashinasi yonib ketishi mumkin edi, AQSh mediasida esa butunlay boshqacha yoritishdi”, deydi u.
Alimovning qo‘shimcha qilishicha, o‘zbekistonliklar haqidagi xabarlarni Amerika matbuoti bo‘rttirib yubormoqda.
“Oxirgi paytlar negadir biz o‘zbeklar haqidagi xabarlar juda negativ. Ular boshqacha yoritadi, bizning O‘zbekistondagi kanallar esa boricha ko‘chiradi, unday qilmasliklarini men so‘rab qolardim. Birgina shu inson misolida, u inglizchani uncha bilmagan, lekin dalillarni yashirishga urinmaganini aytmoqda”, deydi jamoat tashkiloti raisi.
Ma’lum bo‘lishicha, allaqachon birinchi sud majlisi ham o‘tgan va hozir yo‘l-transport hodisasini sodir etgan yurtdoshimiz Amerikani tark etmaslik sharti bilan uyiga qo‘yib yuborildi, ammo ish davom etadi.
AQSh matbuotiga ko‘ra, magistral yo‘llarda immigrant haydovchilar sodir etib, oqibati o‘lim bilan tugagan avariyaviy holatlar soni o‘tgan bir yilda 30 dan ortiq. Haydovchilarning, ayniqsa trak haydovchilarining hujjatlarini yaxshiroq tekshirish kerak deyiladi Fox News reportajida.
AQSh dan Kun.uz uchun maxsus tayyorlandi.