Iqtisodiyot
O‘zbekistondan Suriyaga mahsulotlar eksporti boshlanadi
Suriyaga maishiy texnika, yog‘-moy mahsulotlari, avtomobil ehtiyot qismlari va motor moylari yetkazib beriladi.
O‘zbekistonning Kuvaytdagi favqulodda va muxtor elchisi Ayubxon Yunusov hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov ishtirokida Suriyadagi savdo uyi faoliyatini rivojlantirish hamda o‘zbek mahsulotlarini Suriya bozoriga yetkazib berish masalalari yuzasidan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Suriyaning “Kalash Trading Co., Ltd.” kompaniyasi rahbari Axmad Kalash, shuningdek, O‘zbekistonning “Premier Electrotech”, “Sam-Ferre”, “Nassar Trading Agro”, “Metsol”, “Solis Oils” va “Technologies of Real Time” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Suriya bozorida o‘zbek mahsulotlariga bo‘lgan talab, logistika yo‘nalishlari va Savdo uyi orqali mahsulotlarni taqdim etish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida dastlabki bosqichda Suriyaga 10 ta yuk mashinasida maishiy texnika, yog‘-moy mahsulotlari, avtomobil ehtiyot qismlari va motor moylari eksport qilishga kelishildi.