Jamiyat
O‘zbekistondagi muzey va ziyoratgohlarga «virtual sayohat» qilish imkoni yaratiladi
Madaniy meros agentligi tarixiy obidalar va muzeylarga sayyohlar oqimini ko‘paytirish va xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi.
Mazkur hujjat O‘zbekistonda madaniy meros va muzeylar sohasini yanada rivojlantirish, madaniy meros ob’yektlari va muzeylarga kirish chiptalarini raqamlashtirish va oldindan xarid qilish imkoniyatini yaratish, madaniy meros ob’yektlari va muzeylarga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini keskin oshirish, shuningdek, yangi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda muzeylar sohasini rivojlantirishga xizmat qilishi kerak.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, davlat muzeylari va madaniy meros ob’yektlariga «virtual sayohat» qilish imkonini beruvchi dastur ishlab chiqiladi va yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, madaniy meros ob’yektlari va muzeylarga kirish chiptalari raqamlashtiriladi va oldindan onlayn xarid qilish imkoniyati yaratilib, bunda, bilet operatsiyalarining yagona elektron tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Loyihada, tajribali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda har bir muzeyning shaxsiy brendini («Museum brandbook»), muzeylarning rasmiy veb-saytlarini zamon talablaridan kelib chiqqan holda to‘liq yangilash va ularning mobil ilovalarini yaratish ham nazarda tutiladi.
Pullik xizmat ko‘rsatiladigan madaniy meros ob’yektlari va muzeylarga kirish chipta narxlarini optimallashtirish bo‘yicha esa yagona tartibni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, sayyohlik mavsumida turistlar oqimi yuqori bo‘lgan madaniy meros ob’yektlari va davlat muzeylarining tungi vaqtda (soat 22:00 gacha) faoliyat yuritishini hamda tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish choralar ko‘rish nazarda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur qaror loyihasining qabul qilinishi natijasida madaniy meros ob’yektlari va muzeylarga kirish chiptalarini raqamlashtiriladi va oldindan xarid qilish imkoniyatini yaratiladi, madaniy meros obektlari va muzeylarga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini keskin oshishiga hamda yangi zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishiga erishiladi.