Iqtisodiyot
O‘zbekistonda uy-joy qurilishi qariyb 7 foizga oshdi
2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda 3,3 million kvadrat metr turar-joy foydalanishga topshirildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 6,6 foizga oshgan.
Qurilish hajmi bo‘yicha eng yuqori natija Toshkent viloyatida qayd etildi. Hududda uch oy davomida 458,3 ming kvadrat metr turar-joy foydalanishga topshirilgan.
Keyingi o‘rinlarda Xorazm viloyati — 330,4 ming kvadrat metr, Buxoro viloyati — 313,2 ming kvadrat metr va Farg‘ona viloyati — 309,2 ming kvadrat metrlik ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
Toshkent shahrida esa 296,7 ming kvadrat metr yangi uy-joy foydalanishga topshirilgan. Surxondaryo viloyatida 301,3 ming kvadrat metr, Namangan viloyatida 280,2 ming kvadrat metr turar-joy qurilishi yakunlangan.
Qashqadaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 239,2 ming kvadrat metrni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiy viloyatida 170,7 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 165,3 ming kvadrat metr, Jizzax viloyatida 156,1 ming kvadrat metr, Andijon viloyatida esa 146,8 ming kvadrat metr turar-joy qurilgan.
Samarqand viloyatida 114,3 ming kvadrat metrlik ko‘rsatkich qayd etilgan. Eng past natija Sirdaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, hududda 40,4 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan.