Iqtisodiyot
O‘zbekistonda tibbiyot sohasida eng ko‘p Turkiya va Rossiya korxonalari faoliyat yuritmoqda
2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 234 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunda eng ko‘p korxonalar Turkiya va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi.
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, mamlakatda tibbiyot va ijtimoiy xizmatlar sohasida xorijiy sarmoya ishtirokidagi jami 234 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatlar kesimida Turkiya yetakchilik qilib, ushbu davlat kapitali ishtirokida 36 ta korxona tashkil etilgan. Keyingi o‘rinda Rossiya — 34 ta, Xitoy va Hindiston esa 25 tadan korxona bilan qayd etilgan.
Shuningdek, Janubiy Koreya ishtirokida 18 ta, Qozog‘iston kapitali bilan 16 ta, Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokida 9 ta korxona faoliyat olib bormoqda.
AQSh ishtirokida 8 ta, Birlashgan Arab Amirliklari kapitali bilan 6 ta, Qirg‘iziston va Yaponiya ishtirokida esa 4 tadan korxona faoliyat yuritmoqda.
Qolgan 49 ta korxona esa boshqa davlatlar sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan.