Jamiyat
O‘zbekistonda suv tanqisligini kamaytirish uchun 600 mlrd so‘mlik dastur tasdiqlandi
Hukumat 2026-yilda suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan qaror qabul qildi.
Hujjatga ko‘ra, respublika bo‘yicha suv xo‘jaligi tizimini modernizatsiya qilish va infratuzilmani yaxshilash uchun 600 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Qarorda belgilanishicha, mazkur mablag‘ning 480 mlrd so‘mi kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilishga, qolgan 120 mlrd so‘mi esa suv bilan bog‘liq chora-tadbirlarga ajratiladi.
Dastur doirasida kanallar va suv tarmoqlari ta’mirlanib, yangi suv omborlari va infratuzilmalar barpo etiladi. Shuningdek, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilinadi va suv hisobini yuritish tizimi kuchaytiriladi.
Hujjatga ilova qilingan ro‘yxatga ko‘ra, 2026 yilda:
– Qoraqalpog‘iston
– Andijon, Buxoro, Jizzax
– Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand
– Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent
– Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida o‘nlab kanallar rekonstruksiya qilinadi va betonlashtiriladi.
Shuningdek, kelgusida suvdan foydalanish limitlari joriy etiladi hamda suv yetkazib berish va hisobini raqamlashtirish kuchaytiriladi.