Iqtisodiyot
O‘zbekistonda “spin-off” korxonalari tashkil etiladi
O‘zbekistonda yangi ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish va ilm-fan natijalarini tijoratlashtirish maqsadida oliy ta’lim hamda ilmiy muassasalar muassisligida “spin-off” korxonalari tashkil etiladi.
Bu prezidentning “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan boshlab mazkur korxonalar faoliyati uchun qator yengillik va qulay shartlar joriy etiladi. Jumladan, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ustav fondidagi davlat ulushi miqdorini o‘zgartirishda qator qo‘shimcha kelishuvlar talab etilmaydi.
Shuningdek, korxonalar muassislarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, talabalari va izlanuvchilari mehnat jamoasi tarkibida faoliyat yuritishi shart etib belgilanmoqda.
Farmonga asosan, bunday korxonalarga investorlar tomonidan investitsiya kiritish bo‘yicha bitimlar, shartnoma va memorandumlar yuzasidan vakolatli davlat organining xulosasini olish talabi ham bekor qilinadi.
Bundan tashqari, Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan “spin-off” korxonalar qonunchilikda belgilangan tartibda venchur moliyalashtirishga tenglashtiriladi.