Iqtisodiyot
O‘zbekistonda qaysi davlatlarning korxonalari ko‘p?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatiga O‘zbekistonda chet el investitsiyalari ishtirokida jami 19 490 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Ularning 4 427 tasi qo‘shma korxona, 15 063 tasi esa to‘liq xorijiy korxonalar hisoblanadi. So‘nggi besh yilda bunday kompaniyalar umumiy soni 1,4 barobarga oshgan.
Shu bilan birga, xorijiy korxonalarning jami korxonalardagi ulushi 61,3 foizdan 77,3 foizgacha ko‘tarilgani qayd etildi. Bu mamlakat iqtisodiyotida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoya ishtirokining ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistondagi xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda. Mamlakat hissasiga 5 615 ta korxona to‘g‘ri kelgan.
Reytingda ikkinchi o‘rinni Rossiya egalladi. O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi 3 308 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Keyingi o‘rinlarda Turkiya — 2 216 ta va Qozog‘iston — 1 259 ta korxona bilan qayd etilgan.
Janubiy Koreya ishtirokidagi korxonalar soni 721 tani tashkil etgan. Afg‘oniston kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni esa 656 taga yetgan.
Shuningdek, Ozarbayjon hissasiga 452 ta, Tojikistonga 437 ta, Birlashgan Arab Amirliklariga 427 ta va Hindistonga 405 ta korxona to‘g‘ri kelgan.