Mahalliy
O‘zbekistonda OTMlarga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish yo‘lga qo‘yiladi
Joriy yil 10-apreldagi PF–58-son farmon bilan «U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari» dasturi joriy etiladi va uning doirasida oliy ta’lim tashkilotlariga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi davlat ilmiy dasturlari doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy klaster tashkil etish loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda g‘olib bo‘lgan 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga beriladi.
2027-yil 1-yanvardan oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy reyting natijalariga ko‘ra, har bir toifa guruhiga mansub oliy ta’lim tashkilotlarining 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga kiritiladi.
2027-yil 1-yanvardan davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida ta’lim olayotgan 1 nafar talabani o‘qitish xarajatlari miqdorini quyidagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi joriy etiladi:
1 nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha talabalar soni nisbati;
ta’lim sohasi murakkabligi, shu jumladan, ta’lim yo‘nalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;
ta’lim sohasi oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;
oliy ta’lim tashkilotining maqomi va (yoki) toifasiga ko‘ra ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilganligi va boshqalar.