Jamiyat
O‘zbekistonda OAV va noshirlik sohasi nazorati bo‘yicha vakolatli organ belgilandi
«Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi quyidagi sohalarda maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi:
axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish;
ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish;
bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish.
2027-yil 1-yanvargacha quyidagi imkoniyatlarga ega «Raqamli nazorat» platformasi ishga tushiriladi:
aholi istiqomat qilayotgan, jumladan, olis va chekka hududlardagi raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar sohalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarni monitoring qilish;
axborot tizimlari, resurslari, dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarida yuzaga kelgan uzilish yoki to‘xtalish holati bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;
jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tezkor ko‘rib chiqilishini tashkil etish.