Iqtisodiyot
O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar 46 trln so‘mdan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar hajmi 46,8 trln so‘mni tashkil qildi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 22,4 foizga oshgan. Tahlillarga ko‘ra, bank, kredit, to‘lov va boshqa moliyaviy xizmatlarga talab yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda.
Hududlar kesimida eng katta hajm Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda uch oy davomida 27,5 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.
Shu tariqa, respublikadagi umumiy moliyaviy xizmatlarning katta qismi aynan Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Statistikaga ko‘ra, Toshkent shahridan keyingi o‘rinlarni Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyati egallagan. Farg‘ona viloyatida moliyaviy xizmatlar hajmi 2,4 trln so‘mni tashkil etgan. Andijon va Toshkent viloyatida esa bu ko‘rsatkich 2 trln so‘mdan qayd etildi.
Samarqand viloyatida 1,8 trln so‘mlik, Qashqadaryo viloyatida 1,6 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan. Buxoro va Xorazm viloyatlarida 1,4 trln so‘mdan, Surxondaryo va Namanganda 1,3 trln so‘mdan xizmatlar amalga oshirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax va Navoiy viloyatlarida moliyaviy xizmatlar hajmi 1,1 trln so‘m atrofida shakllangan. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilib, hududda 694,6 mlrd so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.