Iqtisodiyot
O‘zbekistonda may oyida biznes bo‘yicha qaysi hududlar faol bo‘ldi?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil may oyi yakunida O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha barqaror o‘sish qayd etildi.
Monitoring Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank hamda Respublika tovar-xom ashyo birjasining tezkor ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan. Natijalar iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida ijobiy dinamika saqlanayotganini ko‘rsatdi.
Xususan, soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Navoiy, Sirdaryo, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda o‘sish sur’atlari o‘rtacha 30 foizdan yuqori bo‘lgan.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 18,6 foizga, mol-mulk solig‘i 15,2 foizga va yer solig‘i 31,9 foizga ko‘paygan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlari ham yuqori o‘sishni namoyon etdi. Tovarlar eksporti hajmi yillik hisobda 31,8 foizga oshgan.
Bu borada Navoiy viloyati 53,7 foizlik o‘sish bilan birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyatida eksport 52,8 foizga ko‘paygan. Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida ham yuqori natijalar qayd etildi.
Bojxona to‘lovlari 20,1 foizga o‘sdi. Namangan viloyatida bu ko‘rsatkich 63,3 foizni, Navoiy viloyatida esa 52,8 foizni tashkil qildi. Farg‘ona, Samarqand va Qoraqalpog‘istonda ham barqaror o‘sish kuzatildi.
Kreditlash sohasida eng yuqori o‘sish Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi. Hududda ajratilgan kreditlar hajmi 54,8 foizga oshgan.
Hisobot davrida mamlakat bo‘yicha 36 ming 957 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Eng ko‘p yangi subyektlar Toshkent shahrida — 8 ming 29 ta qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 3 ming 857 ta, Xorazm viloyatida 3 ming 151 ta, Samarqand viloyatida 2 ming 994 ta va Farg‘ona viloyatida 2 ming 662 ta yangi korxona tashkil etildi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi bitimlar hajmi esa 14,2 foizga oshdi. Birja faolligi bo‘yicha Navoiy viloyati 46,6 foizlik o‘sish bilan yetakchilik qildi. Buxoro, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida ham mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha 30 foizdan yuqori o‘sgan.