Sport
O‘zbekistonda krossfit ommalashtiriladi – prezident topshirig‘i
Mahallalarda aholi fitnes bilan shug‘ullanishga jalb etiladi. Maktablarda krossfit bo‘yicha to‘garaklar ochilib, fitnesning bu turi “Besh tashabbus” musobaqalariga ham kiritiladi. Aholi salomatligi yaxshilanishiga erishgan mahalla raisi, sport volontyori va trenerlar moddiy rag‘batlantiriladi.
O‘zbekiston aholisi orasida krossfit bilan shug‘ullanishni ommalashtirish choralari ko‘riladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev sport sohasi bo‘yicha 7 aprel kungi selektorda topshiriqlar berdi.
“Dunyoda maxsus jihoz va infratuzilma talab qilmaydigan intensiv sport mashg‘ulotlari, ya’ni krossfit ommalashyapti. Krossfit, bu nima degani? Yugurish, sakrash, egilish, turnikda tortilish kabi oddiy jismoniy mashqlarni ketma-ket bajarish.
Quronboyev (Mahallalar uyushmasi – tahr.), Sa’dullayev (Yoshlar ishlari agentligi), Ikromov (Sport vazirligi) hokimlar bilan mahalla yettiligi, trenerlar va “Sog‘lom hayot” volontyorlar ishtirokida odamlarni fitnes bilan shug‘ullanishga jalb qilishi zarur.
E’zoza Karimova (Maktab vazirligi), Azim Husanov (Kasbiy ta’lim agentligi), Ikromov va hokimlar 1 maygacha barcha maktab va texnikumlarda krossfit bo‘yicha to‘garaklar tashkil qilsin.
Ikromov, Quronboyev, Sa’dullayev kelgusi yildan krossfitni “Besh tashabbus” tizimiga kiritsin”, – dedi prezident.
Davlat rahbarining qayd etishicha, endi qaysi mahallada sport qamrovi oshib, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir, diabet bilan kasallanish ko‘rsatkichi kamaysa, volontyorga va mahalla raisiga yil yakuni bilan 15 mln so‘mgacha mukofot puli beriladi. Shu mahallaga ommaviy sportga mas’ul trenerga esa 200 foizgacha oylik ustama to‘lanadi.