Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyot 145 trillion so‘mga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida yaqin yillarda kreativ iqtisodiyot hajmini 145 trillion so‘mga yetkazish rejasi ma’lum qilindi. Bu maqsad madaniyat va san’at sohalarida qo‘shilgan qiymatni oshirish orqali amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, bu yo‘nalishning huquqiy asoslari yaratilgan, shuningdek, Kreativ industriya parki rezidentlari uchun alohida soliq rejimi joriy etilgan. Ayni paytda Toshkent shahrining Shayxontohur tumani va Nukus shahrida yirik kreativ parklar qurilishi boshlangan.
Sentyabr oyida poytaxtda ishga tushirilishi rejalashtirilgan Zamonaviy san’at markazi ham yosh ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar maydoni bo‘lishi kutilmoqda. Davlat rahbari kreativ iqtisodiyotni mamlakatning raqobatbardosh sohalaridan biriga aylantirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuvda milliy mahsulotlarning dizayn va marketing salohiyatini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Buning uchun hunarmandlarni xalqaro ko‘rgazmalarga keng jalb qilish va nufuzli dizaynerlar bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifasi belgilandi.
Mutasaddilarga Yevropa, AQSh, Janubiy va Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharq davlatlarida milliy mahsulotlar taqdimotini kengaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Prezident, shuningdek, madaniyat va san’at xalqlarni yaqinlashtiradigan muhim ko‘prik ekanini ta’kidladi. Namanganda o‘tkazilayotgan Gullar festivaliga 1,5 million nafar sayyoh tashrif buyurgani va tadbir «Ginness rekordlar kitobi»ga kiritilgani bunga misol sifatida keltirildi.
Uchrashuvda madaniyat va san’at sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda umumta’lim maktablarida musiqa, tasviriy san’at va texnologiya fanlarini qamrab oluvchi «art» o‘quv dasturini joriy etish belgilandi.
Yangi o‘quv yilidan har bir viloyatdagi 10 tadan maktabda ushbu tizim tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yiladi. Dastur doirasida boshlang‘ich sinflarda bolalar ijodga qiziqtirilsa, yuqori sinflarda dizayn, grafika va sun’iy intellekt asosida kreativ loyihalar ishlab chiqish hamda ularni tayyor mahsulotga aylantirish ko‘nikmalari o‘rgatiladi.